Buxoro Vikimediachilar Nigohida: Tarixga VikiSayohat

Translate this post

2025-yilning 21-24-avgust kunlari Shimoli-g‘arbiy Rossiya Viki-Tarixchilar Foydalanuvchi guruhi aʼzolari hamda O‘zbekistonlik vikimediachilar birgalikda Viki Yodgorliklarni Sevadi fototanlovi oldidan O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Buxoroga VikiSayohat uyushtirishdi. Bundan ko‘zlangan maqsad qadimiy shahar bo‘lmish Buxoroning tarixiy obidalari, boy meʼmorchiligi va haykaltaroshligiga oid suratlar bilan VikiOmborni boyitish edi. VikiSayohat davomida Vikimediachilar bir-birlari bilan o‘zaro bilim almashdilar. Tarixiy obidalarga oid qiziqishlarini o‘rtoqlashdilar.

Sayohatimizning ilk kuni Buxorodagi yashil maskanlarni ko‘rish, u yerdagi fermalar bilan tanishishdan boshlandi. O‘sha kuni shaharga tushdan keyin yetib kelib, mehmonxonaga joylashilgani sababli shu bilan kifoyalandik. Hatto mehmonxonalar ham eski shahar ichida joylashgani sababli anʼanaviy uslubda bezatilgan edi. Sayohatning asosiy qismi ertasi kuni boshlandi. Birinchi bo‘lib shahar markazidagi Ko‘kaldosh madrasasiga tashrif buyurdik. XVI asrga oid bo‘lgan ushbu madrasa hozirgi kunga qadar Markaziy Osiyoning eng yirik madrasasi maqomini saqlab qolgan. Binoning ichini, har bir xonalarini ko‘zdan kechirar ekanman, o‘zimni bir necha asr ortga qaytib qolgandek his qildim. Tor hujralarda yashagan talabalar ko‘z o‘ngimda jonlandi. Madrasaning tom qismiga chiqqanimda atrofda butun borliq ko‘rinardi, o‘sha mashhur Minorai Kalon, ko‘chaning qarshi tomonida Labi Hovuz. Inson o‘zini tarixga tushib qolgandek his qiladi.

Madrasa hovlisida bir nechta hunarmandlar har xil buyumlar yasayotganini ko‘rdim. Bu ham Sharqning o‘ziga xosligidan bir namuna. Keyin usti yopiq bozorni aylandik. Do‘konlardan birida Zardo‘zlik ishlariga ko‘zim tushdi. U yerda bir nechta qiz zardo‘z tikishayotgan edi. Buxoro zardo‘zlik sanʼati bilan ham mashhur. Undan keyin Turkiston jadidlaridan biri bo‘lgan Sadriddin Ayniy uy-muzeyida ham bo‘ldik. Bir necha yuz yillik binolar oldidan o‘tib borar ekanmiz, gilam to‘qiyotgan hunarmandlarga ko‘zimiz tushdi va ichkariga kirdik. Hovlida birinchi bo‘lib diqqatimni tortgan narsa o‘nlab toshbaqalarning olma, nok yeyotgani bo‘ldi. Bu o‘zgacha his beradi insonga. Sayohatimiz davomida bir qancha temirchi ustalarning mahorat bilan yasalgan pichoq, qilich, samovar, taqa va boshqa ishlari bilan ham tanishdik.

Keyingi manzilimiz Buxoroning mashhur minoralaridan bo‘lgan Minorai Kalon bo‘ldi. Salkam ming yillik tarixga ega bo‘lgan bu minorani ko‘rish insonga o‘zgacha hayajon beradi. Uning shundoqqina biqinida Poyi Kalon masjidi joylashgan. Vikimediachilardan birining aytishicha, o‘sha davrlarda namoz uchun azon chaqirish paytida minoradan turib chaqirilgan ekan. Minoraning orqa tomonida esa Mir Arab madrasasi joylashgan. Buxorodagi o‘tgan kunlarimning eng go‘zal lahzalarini suratlarda muhrlashga harakat qildim. Hammamiz shunday qildik. Keyingi manzil Buxoro arki bo‘ldi. Miloddan avvalgi I asrga tegishli edi bu yer. Buxorxudodlar, Somoniylar, Qoraxoniylar, Mo‘g‘ullar davrini kechib o‘tgan bu Ark. Shayboniylar, Buxoro xonlari va amirlariga saroy bo‘lgan bir paytlar bu Ark. Bu hisni yashab, bu yerlarning go‘zalligini suratlarda muhrlashning gashti o‘zgacha. Arkka kiraverishda chap tomonda kichik muzeyga kirdik Vikimediachi do‘stlarimiz bilan. Arkning ichki hovlisi afsuski Rossiya istilosi paytida portlatib yuborilgan ekan. Ark atrofida esa tuyalarni ham ko‘rish mumkin edi.
Kechki payt esa Buxoroning o‘ziga xos, lazzatli taomlari bilan tanishdik.

Chor Bakr meʼmoriy majmuasida kabutarlar bilan.

Ertasi kuni sayohatimiz O‘zbekiston SSRning ilk rahbari Fayzulla Xo‘jayev uy-muzeyiga tashrif bilan boshlandi. O‘z davrining zodagon va ziyoli insonlaridan bo‘lgan bu tarixiy shaxsning uyini ko‘rishni juda xohlagan edim. Uy o‘zining arxitekturasi, sharqona bezaklari, naqshinkor ustunlari bilan odamni o‘ziga mahliyo qiladi. U yerdan chiqib Sitorai Mohi Xosa saroyiga bordik. U haqida ko‘plab rivoyatlar eshitgan edim. Sitorai Mohi Xosa bu Buxoro malikalaridan birining ismi. Afsonalarda aytilishicha uning go‘zalligini oy va yulduzga qiyoslashgani uchun shu ismni berishgan ekan. Saroyni qurish jarayoniga Buxoroning eng mashhur ustalaridan biri usta Shirin jalb qilingan. Binoga kiraverishda ikkita sherning haykaliga ko‘zim tushdi. Bilishimcha bu 2 asr oldin usta Abdurahim tomonidan Markaziy Osiyoda mashhur G‘ozg‘on marmaridan yo‘nib ishlangan. Binoning ichidagi go‘zallikni oldin hecham ko‘rmaganman. Devorlari oynalardan iborat edi. Aytishlaricha bu saroy 4 faslga hamohang qilib qurilgan ekan va bezaklari ham har faslda almashar ekan. Kuz paytlari shahar istilo qilingani uchun saroy ham kuz fasliga hamohang bezaklarda qolib ketgan. Binoning orqasida bog‘, undan keyin amirning ichki saroyi, haram. Ichki saroyning arxitekturasi ham o‘ziga xos, ammo O‘rta Osiyoga monand bo‘lmagan uslubda edi.

Umuman olganda, bundan tashqari ham ko‘p joylarga sayohat qildik. Lekin men uchun eng unutilmas joylar haqida taassurotlarimni ulashishga harakat qildim. VikiSayohat davomida 8 kishi bir-biri bilan qimmatli maʼlumotlarni ulashdi va esda qolarli lahzalarni yashadik. Bu yilgi Viki Yodgorliklarni Sevadi fototanlovi boshlanganida VikiSayohatimizning qanchalik foydali bo‘lganligining guvohi bo‘lamiz degan umiddaman.
Buxoroga uyushtirilgan VikiSayohat biz uchun nafaqat suratga olish imkoniyati, balki madaniyat, tarix va hunarmandchilik bilan yaqindan tanishish uchun ham katta tajriba bo‘ldi. O‘zbekistonlik vikimediachilar va Shimolig‘arbiy Rossiya Viki-Tarixchilar Foydalanuvchi guruhi aʼzolari bilan birgalikda qadimiy shaharni kashf qilib, VikiOmborni boyitishga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Ushbu tashabbus davom etishiga umid bog‘lab, keyingi gal qadimiy Xorazmga safar uyushtirishni rejalashtiryapmiz. Ishonamizki, bu sayohat ham Vikipediya hamjamiyati uchun qimmatli bo‘lgan yangi bilim va suratlarni beradi.

Buxoroga uyushtirilgan VikiSayohatdan jamoaviy surat.

Can you help us translate this article?

In order for this article to reach as many people as possible we would like your help. Can you translate this article to get the message out?

No comments

Comments are closed automatically after 21 days.