Parijda bo‘lib o‘tadigan Vikimaniya 2026 granti uchun arizalar qabul qilinmoqda!

Translate this post

Chamadonlaringizni tayyorlang va bilim sari olg‘a! Vikimaniya 2026 Parijga yo‘l oldi! 

2026-yil 21–25-iyul kunlari nurli shahar butun dunyodan keladigan vikimediyachilarnining besh kunlik uchrashuvi, hamkorlik va bayram ruhidagi tadbiriga mezbonlik qiladi. Tarix, madaniyat va dunyoni o‘zgartiruvchi g‘oyalarni uyg‘unlashtirish uchun bundan yaxshi joy bormi? Axir Parij asrlar davomida inqiloblar, kashfiyotlar va ilhom manbai bo‘lib kelgan shaharku!

Vikimaniya 2026 Parij e’lonining videosi.

Bu yil yanada o‘zgacha bo‘ladi. Chunki Vikipediya 25 yoshda! Chorak asr davomida butun dunyo bo‘ylab qanchadan qancha ko‘ngillilar tarixdagi eng katta bepul bilim manbaini boyitib kelmoqda. Parijda o‘tkazilishi kutilayotgan Vikimaniya esa ushbu ulkan yutuqni nishonlash va keyingi 25 yil uchun yanada katta maqsadlarni rejalashtirishning asosiy maydoniga aylanadi.

Bizning mavzu: Erkinlik, Tenglik, Ishonchlilik

Bu yilgi muhokamamiz: “Erkinlik, Tenglik, Ishonchlilik”. Bu shunchaki shior emas, bu amaliy harakatga da’vatdir. Bilim tobora siyosiy, texnologik va media bosimlari ostida qolib ketayotgan bugungi zamonamizda, Vikimedia loyihalari bilimni erkin, keng qamrovli va ishonchli tarzda ulashish uchun nodir xavfsiz joy bo‘lib qolmoqda.

  • Erkinlik – bu qatnashish, fikr bildirish, tahrir qilish va yangilik yaratish huquqi. Bu bilimni qo‘rquvsiz baham ko‘rish, har bir ovoz eshitilishini ta’minlash demakdir.
  • Tenglik – bu har kim, kelib chiqishi yoki e’tiqodidan qat’i nazar, ma’lumot yaratish va undan foydalanish imkoniga ega bo‘lishini anglatadi. Bu turli, keng qamrovli va butun dunyoni aks ettiruvchi ensiklopediyani barpo etish demakdir.
  • Ishonchlilik – bu faktlarga asoslangan, xolis va tekshiriladigan manbalar bilan ta’minlashga bo‘lgan sodiqligimiz. Soxta ma’lumotlar avj olayotgan bir davrda Vikimedia loyihalari talabalar, jurnalistlar va hattoki sun’iy intellekt ishlab chiquvchilar uchun ham ishonchli ma’lumot mayog‘iga aylanadi.

Parijdagi Vikimaniyada biz ushbu qadriyatlarni birgalikda o‘rganamiz, hamjamiyatlarimizni yanada mustahkamlaymiz va butun dunyoda bilimdan erkin foydalanish huquqini himoya qilish uchun amaliy choralar ko‘ramiz.

Vikimaniya 2026 COT jamoasi Vikimaniya Nayrobi yopilish marosimida.

Grant uchun ariza topshiring!

Grantlar uchun arizalar 2025-yil 10-sentabrdan ochiladi! Ushbu grantlar sizning sayohat, turar joy va ro‘yxatdan o‘tish xarajatlaringizni qoplash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bu dunyoning barcha davlatlaridagi Vikimediyachilar uchun ochiq. Ayniqsa, kamroq vakillikka ega jamoalar, o‘z vakillaringizni ariza topshirishga chorlang.

Ariza topshirish muddati 2025-yil 31-oktyabrgacha. Natijalar esa 2026-yil yanvar oyida e’lon qilinadi. Avvalgi yillarda bo‘lgani kabi, grant sohiblaridan Vikimaniya davomida 4–6 soatlik ko‘ngillilik faoliyati talab etiladi (istaganlar bundan ko‘proq ham hissa qo‘shishlari mumkin). Barcha grant egalari Vikimedia Jamg‘armasining Sayohat sug‘urtasi siyosati bilan ham ta’minlanadi.

Ariza topshirish jarayonida sizga yordam berish uchun maxsus onlayn maslahat soatlari tashkil etiladi. Yangiliklardan xabardor bo‘lib boring va tadbir mavzusi haqida ko‘proq bu yerda o‘qing. Savollaringiz bo‘lsa, wikimania-scholarships@wikimedia.org manziliga murojaat qilishingiz mumkin.

Vikipediyaning 25 yillik yubileyini Parijda nishonlash, dunyo bo‘ylab Vikimediyachilar bilan tanishish va erkin bilim kelajagini birga shakllantirish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang. Parij sizni va hamjamiyatingizni kutmoqda!

Grantga oid maxfiylik bayonoti bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Can you help us translate this article?

In order for this article to reach as many people as possible we would like your help. Can you translate this article to get the message out?