Avgust oyining 12–16-sanalarida Mingachevir Turkiy dunyo vikimediachilariga mezbonlik qildi. Besh kun davom etgan Wiki Mingachevirni sevadi oromgohida Ozarbayjon Wikimedia hamjamiyati a’zolari xalqaro ishtirokchilar bilan tajriba almashish, o‘zaro tanishish va Wikimedia loyihalari ustida birgalikda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Ushbu oromgoh Ozarbayjon vikimediachilari foydalanuvchi guruhi tomonidan Ozarbayjon Respublikasining Yoshlar va sport vazirligi ko‘magi bilan Azersun Holding homiyligi ostida tashkil etildi. Ushbu tadbir Vikipediya tashkil etilganligining 25 yillik yubileyiga bag‘ishlandi.
Men A.Aida88 va NurAy bilan birga tashkiliy jamoa tarkibida edim. Aytish mumkinki, bizning asosiy maqsadlarimizdan biri – ishtirokchilar o‘zaro fikr almashishi, bir-biridan yangi narsalarni o‘rganishi hamda odatiy onlayn muloqotdan chetlashib, birgalikda vaqt o‘tkazishi uchun qulay muhit yaratish edi.
Oromgoh davomida ishtirokchilar mahorat darslari, hamjamiyat taqdimotlari, tahrirlash marafonlari, jamoaviy mashg‘ulotlar hamda Vikimedia kelajagiga oid muhokamalarda qatnashdilar. Besh mamlakatdan kelgan hissa qo‘shuvchilar birgalikda ishlab, vaqt o‘tkazishi natijasida Mingachevir Vikimedia hamjamiyatlari uchun odatiy onlayn hamkorlikdan tashqari haqiqiy jonli muloqot maskaniga aylandi.
Vikimedia hamjamiyatlarini birlashtirish
“Wiki Mingachevirni sevadi” tadbiri ozarbayjon, turk, o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq va qirg‘iz vikimediachilarini bir joyga to‘pladi. Bu ko‘plab ishtirokchilar uchun boshqa hamjamiyatlar a’zolari bilan uchrashish, tajriba almashish va mintaqaning turli hududlarida Vikimedia loyihalari qanday rivojlanayotganini bilib olish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi.
Dastur ishtirokchilarga o‘z hamjamiyatlari faoliyatini ommaga taqdim etish imkonini berdi. Unda o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq va qirg‘iz Vikipediyalari, shuningdek, Ozarbayjon va boshqa hamjamiyatlarning loyiha hamda tashabbuslari haqida taqdimotlar bo‘lib o‘tdi. Boshqa mashg‘ulotlar esa Wikimedia Commons, Wikisource, ishtirokchilar tomonidan ishlab chiqilgan yangi gadjet hamda vositalar, akademik axborot platformalari, SI, ta’lim va faktlarni tekshirish kabi mavzularni qamrab oldi.
Oromgoh davomida hamkorlikni rag‘batlantirish maqsadida ishtirokchilar 13 ta aralash jamoaga bo‘lindi. Tahrir marafonlari va boshqa mashg‘ulotlarda birgalikda ishlash turli hamjamiyat vakillariga yonma-yon faoliyat yuritish imkonini berdi.
Oromgohni tashkil etishning eng quvonarli jihatlaridan biri — ishtirokchilarning endigina uchrashgan bo‘lishlariga qaramay, darhol o‘zaro fikr almashib, bir-birlariga yordam bera boshlaganini ko‘rish edi.


Suhbatlardan amaliyotga
Muhokamalar tezda taqdimot va seminarlardan tahrirlash jarayoniga ulanib ketdi. Tahrir marafonlari davomida ishtirokchilar yoshlar, sport va Mingachevir shahri bilan bog‘liq mavzular ustida ishladilar.
Oromgoh davomida ishtirokchilar 500 dan ortiq yangi maqola yaratdi va 4000 dan ziyod tahrirni amalga oshirdi. Shuningdek, hissadorlar bir necha tildagi nashrlar ustida ishlab, o‘zlarining mahalliy bilimlari va tajribalarini umumiy tahrirlash muhitiga olib kirdi.
Aralash jamoalar tahrirlash marafonlarini yanada qiziqarli, o‘zaro birdamlikka boy o‘tishiga turtki bo‘ldi. Ishtirokchilar yondashuvlarni solishtirishi, tahrirlashga oid savollarda bir-biriga yordam berishi, shuningdek, odatda duch kelmagan mavzulari ustida ishlashi mumkin edi.


Mingachevir bo‘ylab sayr
Shuningdek, oromgoh ishtirokchilarga Mingachevirni tahrir zallaridan tashqarida ham his qilish imkoniyatini berdi. Kura daryosi bo‘yida joylashgan bu shahar suv sporti bilan chambarchas bog‘liq. Biz shaharning baydarka va eshkak eshish inshootlariga tashrif buyurdik hamda baydarkada suzish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdik.


Shuningdek, biz shahar bo‘ylab fotosayohatga chiqib, asosan Wikimedia Commons’da suratlari kam yoki umuman yo‘q joylarga e’tibor qaratdik. Suratga olingan joylar orasida shahar teatri va nemis harbiy asirlari qabristoni ham bor edi. Yangi suratlar Wikimedia Commons’ga Mingachevirning qimmatli fotohujjat sifatida joylandi.


Oromgohning kechki qismi esa qiziqarli tadbirlarga boy bo‘ldi. Ishtirokchilar “Nima? Qachon? Qayerda?” va “Brain Ring” kabi intellektual o‘yinlar uchun jamoalarga bo‘lindi, shuningdek, oromgoh davomida boshqa norasmiy mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi.
Tahrirlash mashg‘ulotlaridan tashqarida birga vaqt o‘tkazish ishtirokchilarga bir-birlari bilan yanada erkinroq muhitda tanishish imkoniyatini berdi. Bu, o‘z navbatida, turli jamoalardan kelgan vakillar uchun birgalikda suhbatlashish, fikr almashish va do‘stlik rishtalarini bog‘lash uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratdi.


Dasturdan tashqari
Oromgohning eng esda qolarli lahzalari rejalashtirilgan mashg‘ulotlardan tashqarida yuz berdi. Birgalikda ovqatlanish, kechki o‘yinlar, jamoaviy musobaqalar va mashg‘ulotlar orasidagi suhbatlar ishtirokchilarga dam olish va bir-birlari bilan yaqindan tanishish imkonini taqdim etdi.
Oromgohda kichik bayram lahzalari ham bo‘ldi. Tashkiliy jamoa uchun tortni birgalikda kesish ana shunday damlardan biri edi. Bunday norasmiy lahzalar besh kunlik tadbirning shunchaki seminarlar, tahrirlash marafonlari ketma-ketligidan ko‘ra, ko‘proq umumiy bir sarguzashtdek his qilinishiga yordam berdi.
Ko‘pchilab ishtirokchilar uchun bu muloqot o‘z jamoalari haqida fikrlashish, loyihalarni muhokama qilish va erkinroq muhitda g‘oyalar almashish uchun ajoyib imkon bo‘ldi.


Kelajakka nazar
Men uchun “Wiki Mingachevirni sevadi” loyihasining eng ahamiyatli jihatlaridan biri shu bo‘ldiki, asosan onlayn tanish bo‘lgan odamlarning besh kunni birga o‘tkazib, fikr almashgani, bir-biriga yordam bergani va shunchaki o‘zaro birga ekanliklaridan zavqlanganini ko‘rish edi.
Tashkilotchi sifatida, ustida uzoq vaqt ishlagan rejalarimiz turli Vikimedia hamjamiyatlari a’zolari o‘rtasida jonli muloqot hamda hamkorlikka aylanganini ko‘rish men uchun yuqori ahamiyat kasb etdi. Parda ortida qizg‘in damlar ko‘p bo‘lgan bo‘lsa-da, ishtirokchilarning bir-biri bilan kirishib, o‘z g‘oyalarini bemalol o‘rtoqlasha boshlaganini ko‘rish barcha mashaqqatlar uchun eng yaxshi mukofot edi.
“Wiki Mingachevirni sevadi” — turkiy Vikimedia hamjamiyatini yaqinlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatimiz edi. Umid qilamanki, Mingachevirdagi do‘stlik rishtalari, yangi g‘oyalar va hamkorlik shahardan ketganimizdan keyin ham uzoq davom etadi.
Can you help us translate this article?
In order for this article to reach as many people as possible we would like your help. Can you translate this article to get the message out?
Start translation
